Pul mablagʻlarini legallashtirishga qarshi kurashish (AML) va Mijozni tasdiqlash (KYC) tartib-qoidalari
1. AML va KYC tartib-qoidalari pocketoption.com (keyingi oʻrinlarda “Kompaniya”) va uning hamkorlariga nisbatan tatbiq etiladi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish yoki terroristik yoki jinoiy faoliyatni moliyalashtirishga yordam beradigan har qanday faoliyatni taqiqlash va ularning oldini olishda faol ishlatiladi. Kompaniya oʻz rahbarlari, xodimlari va hamkorlaridan oʻz xizmatlaridan jinoiy daromadlarni legallashtirish maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun ushbu tartib-qoidalarga rioya qilishni talab etadi.
2. Ushbu tartib-qoidalar doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirish deganda odatda noqonuniy daromadlar qonuniy manbalardan kelib chiqqan yoki qonuniy aktivlarni tashkil etadigandek koʻrsatish maqsadida jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘larning asl kelib chiqishini yashirish yoki buzib ko‘rsatishga qaratilgan harakatlar tushuniladi.
3. Odatda jinoiy daromadlarni legallashtirish uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab “joylashtirish” bosqichida naqd pul mablag‘i moliya tizimiga kelib tushadi, u yerda jinoiy harakatlar natijasida olingan pul pul o‘tkazmalari, sayohat cheklari kabi pul vositalariga aylantiriladi yoki moliya muassasalaridagi hisob raqamlariga depozit qilinadi. “Qatlamlarga ajratish” bosqichida mablag‘ boshqa hisob raqamlariga yoki boshqa moliya muassasalariga pulni jinoiy kelib chiqishidan yanada uzoqlashtirish uchun o‘tkaziladi yoki koʻchiriladi. “Integratsiya” bosqichida pul iqtisodiyotga qaytariladi va qonuniy aktivlar sotib olish, biznes yoki jinoiy faoliyatni moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Terrorizmni moliyalashtirish jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni emas, balki keyinchalik jinoiy maqsadlarda ishlatiladigan mablag‘ning kelib chiqishini yoki maqsadli foydalanilishini yashirishga urinishni o‘z ichiga olishi mumkin.
4. Vazifalari Kompaniya mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etish bilan bog‘liq bo‘lgan va Kompaniya mijozlari bilan bevosita yoki bilvosita aloqada bo‘lgan Kompaniyaning har bir xodimidan oʻz lavozim majburiyatlariga taalluqli boʻlgan amaldagi qonunlar va me’yoriy hujjatlar talablarini bilish kutiladi va ushbu majburiyatlarni har doim tegishli qonunlar va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiq tarzda amalga oshirish bunday xodimning ijobiy burchi hisoblanadi.
5. Qonunlar va me’yoriy hujjatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi, lekin ular bilan cheklanmaydi: Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining “Banklar uchun mijozlarni sinchkovlik bilan tekshirish” (2001) va “Hisob ochish va mijoz shaxsini tasdiqlash bo‘yicha umumiy qo‘llanma” (2003), FATF'ning “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga oid qirq toʻqqizta tavsiya”, AQShning “Vatanparvarlik to‘g‘risida”gi qonuni (2001), “Jinoiy daromadlarni legallashtirishning oldini olish va unga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun (1996).
6. Ushbu umumiy tartib-qoidalarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Kompaniya rahbariyati tegishli qonunlar va me’yoriy hujjatlarga rioya etilishini ta’minlash va jinoiy daromadlarni legallashtirishning oldini olishga moʻljallangan doimiy dasturni ishlab chiqqan va amalga oshirib kelmoqda. Ushbu dastur guruhning barcha biznes bo‘linmalari, funksiyalari va yuridik shaxslari bo‘ylab jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga duchor bo‘lish xavfi oldini samarali olish maqsadida, butun guruh miqyosidagi aniq tartibga solish talablarini yagona tizim doirasida muvofiqlashtirish uchun ishlab chiqilgan.
7. Kompaniyaning har bir bo‘linmasidan AML va KYC tartib-qoidalariga amal qilishi talab etiladi.
8. Shaxsni tasdiqlovchi barcha hujjatlar va xizmatlar mahalliy qonunchilikda talab qilinadigan minimal vaqt davomida saqlanishi kerak.
9. Barcha yangi xodimlar ishga qabul qilish bo‘yicha majburiy o‘quv dasturi doirasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitiladi. Shuningdek, barcha tegishli xodimlar har yili AML va KYC bo‘yicha treningdan o‘tishi shart. AML va KYC boʻyicha vazifalar yuklangan barcha xodimlardan qo‘shimcha maqsadli o‘quv dasturlarida ishtirok etish talab etiladi.
10. Kompaniya o‘z xohishiga ko‘ra va istalgan vaqtda Mijozdan savdo hisobini ochish paytida ko‘rsatilgan ro‘yxatdan oʻtish ma’lumotlarini tasdiqlashni talab qilish huquqiga ega. Ma’lumotlarni tasdiqlash maqsadida Kompaniya Mijozdan quyidagi hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxalarini taqdim etishni so‘rashi mumkin: pasport, haydovchilik guvohnomasi yoki milliy identifikatsiya kartasi; yashash manzilini tasdiqlash uchun bank hisobi haqida ma’lumotnoma yoki kommunal xizmatlar uchun to‘lov kvitansiyalari. Ba’zi hollarda Kompaniya Mijozdan shaxsni tasdiqlovchi hujjatini yuziga yaqin ushlab turgan holda tushgan fotosuratini taqdim etishni so‘rashi mumkin. Mijozlarni identifikatsiya qilish bo‘yicha batafsil talablar Kompaniya rasmiy veb-saytining “AML tartib-qoidalari” bo‘limida keltirilgan.
11. Mijozning identifikatsiya ma’lumotlarini tasdiqlash tartibi, agar Mijoz Kompaniyadan bunday so‘rovni olmagan bo‘lsa, majburiy hisoblanmaydi. Mijoz o‘z ixtiyori bilan pasport nusxasini yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni ko‘rsatilgan shaxsiy ma’lumotlarni tasdiqlatish uchun Kompaniyaning yordam xizmatiga yuborishi mumkin. Mijoz bank o‘tkazmasi orqali pul mablag‘larini kiritish/yechib olishda bank operatsiyalarini amalga oshirish va rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq holda oʻz ism-familiyasi va manzilini to‘liq tasdiqlash uchun hujjatlarni taqdim etishi kerakligini hisobga olishi lozim.
12. Mijozning ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari (toʻliq ism-familiyasi, manzili yoki telefon raqami) o‘zgargan taqdirda, u ushbu ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki Mijoz profilida yordam olmagan holda o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi so‘rov bilan Kompaniyaning yordam xizmatini ushbu o‘zgarishlar to‘g‘risida darhol xabardor qilishi shart.
12.1. Mijozning profilini ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘rsatilgan telefon raqamini o‘zgartirish uchun Mijoz yangi telefon raqamiga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatni (mobil telefon aloqasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot bilan kelishuv) va Mijozning yuziga yaqin turgan ID hujjat fotosuratini taqdim etishi kerak. Mijozning shaxsiy ma’lumotlari ikkala hujjatda ham bir xil bo‘lishi kerak.
13. Mijoz hujjatlarning (ularning nusxalarining) haqiqiyligi uchun javobgardir va Kompaniya ularning haqiqiyligini tasdiqlash uchun hujjatlarni bergan mamlakatning tegishli organlariga murojaat qilish huquqini tan oladi.